TARJIMAI HOL

Ozarbayjon xalqining umummilliy rahnamosi Gaydar Alirizo o`g`li Aliyev
Gaydar Alirizo o`g`li Aliyev 1923 yil 10 mayda Ozarbayjonning Naxchivon shahrida dunyoga keldi. 1939 yili Naxchivon pedagogika texnikumini bitirgach, Ozarbayjon industriya institutining arxitektura fakultetida (hozirda Ozarbayjon Davlat Neft Akademiyasi) o`qishni davom ettirdi. Biroq urush uning o`qishni tugatishiga imkon bermadi. 1941 yildan boshlab Gaydar Aliyev Naxchivon ASSR Xalq Komissariati Ichki Ishlar bo`limi boshlig`I lavozimida, shuningdek Naxchivon ASSR Xalq Komissariati kengashida faoliyat olib bordi. 1944 yilda esa, Davlat xavfsizligi organiga yo`llanma oldi. Ayni shu yildan e`tiboran xavfsizlik organi sistemasida o`z faoliyatini boshlagan Gaydar Aliyev 1964 yilda rais o`rinbosari, 1967 yilda esa Ozarbayjon SSR Vazirlar Kengashi huzuridagi Davlat xavfsizlik qo`mitasi raisi lavozimida ishladi. Unga general-mayor unvoni berildi. Shu yillar mobaynida u Leningradda oily maxsus ta`lim oldi (hozirda Sankt-Peterburg), 1957 yilda esa Ozarbayjon Davlat Universitetining tarix fakultetini tamomladi. Keyinchalik, yani 1969 yilning iyul oyida Markaziy Qo`mita plenumida Ozarbayjon Kommunistik partiyasining birinchi kotibi etib saylangan Gaydar Aliyev Respublika rahbari bo`ldi. 1982 yilning dekabrida Gaydar Aliyev Sovet Ittifoqi Kommunistik partiyasi Markaziy Qo`mitasining Siyosiy tashkilotiga a`zo bo`lib, SSSR Vazirlar Kengashi raisining birinchi o`rinbosari lavozimini egalladi va SSSR rahbarlarining biriga aylandi. Gaydar Aliyev 20 yil davomida SSSR Oliy Kengashining deputati va 5 yil mobaynida SSSR Oliy Kengashi raisining o`rinbosari lavozimida faoliyat ko`rsatdi. 1987 yil oktyabr oyida Gaydar Aliyev Sovet Ittifoqi Kommunistik partiyasi Markaziy Qo`mitasining siyosiy tashkiloti va shaxsan bosh kotib Mixail Sergeevich Gorbachevning olib borayotgan siyosatiga qarshi o`z noroziligini bildirib, egallab turgan lavozimidan ixtiyoriy ravishda iste`foga chiqdi.
Gaydar Aliyev 1990 yil 20 yanvar oyida Sovet qo`shinlari tomonidan Baku shahrida amalga oshirilgan qonli fojiaga aloqador Moskvada qilgan chiqishida Ozarbayjon xalqiga qarshi qaratilgan harakatni uyushtirgan va amalga oshirganlarni jazolashni talab qildi. Tog`li Qorabog`da yuzaga kelgan keskin vaziyatga aloqador SSSR rahbariyatining ikki yuzlamachilik siyosatiga qarshi noroziligini bildirib, 1991 yilning iyul oyida Sovet Ittifoqi Kommunistik partiyasi safidan chiqib ketdi. 1990 yil iyul oyida Ozarbayjonga qaytib kelgan Gaydar Aliyev dastlab Bakuda, keyinchalik esa Naxchivonda yashadi. Shu yili Ozarbayjon Oliy Kengashiga deputat etib saylandi. 1991 - 1993 yillar davomida u Naxchivon Avtonom Respublikasi Oliy Majlisining raisi, Ozarbayjon Respublikasi Oliy Kengashi raisining o`rinbosari lavozimida ishladi. 1992 yil Naxchivon shahrida bo`lib o`tgan "Yangi Ozarbayjon" partiyasining ta`sis s`ezdida Gaydar Aliyev partiya raisi etib saylandi. 1993 yilning may-iyun oylarida hukumatda yuzaga kelgan inqiroz natijasida amalga oshishi muqarrar bo`lgan fuqarolar urushi va mustaqillikning boy berilish xavfi tug`ilgan og`ir bir vaziyatda Ozarbayjon xalqi Gaydar Aliyevning hukumat tepasiga olib kelinishini qat`iy talab qildi. Ozarbayjonning ayni vaqtdagi hukumat rahbarlari Gaydar Aliyevni Bakuga rasmiy ravishda taklif qilishga majbur edilar. 1993 yil 15 iyunda Gaydar Aliyev Ozarbayjon Oliy Kengashining raisi etib tayinlandi, 24 iyuldan boshlab esa Milliy majlisning qaroriga asosan Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti vazifasini o`tay boshladi. 1993 yil 3 oktyabrdan e`tiboran umumxalq ovozi bilan Gaydar Aliyev Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti etib saylandi. 1998 yil 11 oktyabrda xalqning faol ishtiroki bilan o`tkazilgan Prezident saylovi vaqtida 76,1 % ovozga ega bo`lib, qaytadan Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti lavozimini egalladi. Gaydar Aliyev 2003 yil 15 oktyabrda o`tkaziladigan Prezident saylovi vaqtida sog`lig`i tufayli ixtiyoriy ravishda o`z nomzodini qo`yishdan bosh tortdi. Gaydar Aliyev bir qator xalqaro mukofotlar, turli mamlakat universitetlarining faxriy doktori va boshqa yuqori faxriy unvonlari sovrindori. U to`rt marta Lenin ordeni, Qizil Yulduz ordeni va yana bir qancha medallar, ikki marotaba Sosialistik Mehnat Qahramoni unvoni, shuningdek chet davlatlarning ko`plab orden va medallari sohibi. Ozarbayjon xalqining so`nggi 30 yillik tarixiy taqdiri Gaydar Aliyev nomi bilan chambarchas bog`liq. Mazkur yillardagi Ozarbayjon xalqining qayta tiklanishi, uning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayoti aynan uning nomi bilan bog`liq. Gaydar Aliyev o`zining rahbarlik yillari davomida ona yurti Ozarbayjonga, uning yuksalishiga ulkan hissa qo`shdi, boy madaniyati, yuksak tarixiy o`tmishi bilan faxrlanib, qaynoq qalbli avlodining kelajagidan xavotirlanib Davlatning og`ir va ayovsiz sinov kunlarini yengib o`tishiga hamisha intilib yashadi. Kuchli siyosiy davlat arbobi Gaydar Aliyev xalqning chinakam rahnamosi sifatida hayotlik chog`idayoq tirik afsonaga aylandi. Shu bois Ozarbayjonlarning umummilliy rahnamosi Gaydar Aliyev shaxsi, uning jo`shqin siyosiy faoliyati nafaqat Respublikada balki jahon miqyosidagi nashriyotlarda tanildi. 1993 yil iyun oyida Ozarbayjon xalqi Milliy Davlat qulash xavfi arafasida bo`lgan eng og`ir kunlarni boshidan kechirgan bir paytda amaldagi hukumat rahbarlarini o`zgartirishni talab qilib, o`z taqdirini Gaydar Aliyevga yana bir bor ishonib topshirdi. Gaydar Aliyev o`z xalqining iztiroblarini ko`rib, uning taklifini qabul qildi va Ozarbayjonning yuqori siyosatiga qaytdi. Xalq Gaydar Aliyevning tashrifini katta umid va quvonch bilan qarshi oldi va bu kun mustaqil Ozarbayjon tarixi sahifalariga Milliy Qutilish kuni sifatida bitildi.
print version
to the beginning