Ozarbayjon Respublikasining Prezidenti, Oliy bosh qo`mondon Haydar Aliyevning Xojalini dushmandan mudofaa etishda ishtirok etib, shahid bo`lgan milliy qahramonlarning, jangchilarning ota-onalariga, oila a`zolariga hamda alohida jasorat ko’rsatganlarga "Qizil Yulduz" medali, "Ozarbayjon Bayrog`i"ordenlarini taqdim etish marosimida so`zlagan kirish so`zi va yakunlovchi nutqi - 1999 yil 26 fevral
Aziz opa-singillar, birodarlar!
XX asrda armanilar tomonidan Ozarbayjon xalqiga qarshi bir necha marotaba hujum va qirg`in uyushtirildi. Ulardan eng dahshatlisi - Xojali fojeasi, qirg`ini bo`ldi.
Bundan yetti yil avval, o`sha mash`um fevral kechasida Armaniston qurolli kuchlari Sovet Ittifoqi armiyasinining 366 - polki ko`magi va ishtirokida Ozarbayjonning eng ajoyib go’shalaridan biri - Xojalining tinch aholisiga qarshi dahshatli qirg`inbarot uyushtirdi. Misli ko`rilmagan vaxshiylikla amalga oshirilgan bu qirg`inbarot XX asrning eng dahshatli fojealaridan biri bo`ldi. Tinch, qurol-yarog`siz holda bo`lgan Xojali aholisiga bir kecha mobaynida katta zarba berildi. Qirg`in natijasida yuzlab xojalilik xotin-qizlar, erkaklar, qariyalar, yoshlar, go’daklar, bolalar halok bo`ldi. Yuzlab xojaliliklar yarador, mayib va majruh bo`ldilar. Yuzlab odamlar asirlikka tushdilar.
Bu fojea Ozarbayjon xalqiga Armaniston-Ozarbayjon urushi jarayonida berilgan eng og`ir zarbadir. Xojaliliklar bu fojeani mardlarcha, qahramonlarcha qarshi oldilar. O`z uylari, shaharlari, oilalarini qahramonlarcha mudofaa qilganlar halok bo`ldilar, shahidlarga aylandilar. Armanlar tomonidan ochilgan o’t natijasida Xojali tuprog`i qonga belandi.
Bu fojea Ozarbayjon xalqini larzaga soldi, xojaliliklarga ahliga og`ir ruhiy zarba berdi. Biroq xojaliliklarning irodasi sinmadi, odamlar qahramonlarcha jasorat ko’rsatib, qurbonlar berdilar. Ular bu fojeani mardona boshdan kechirdilar. Mag`rur xojaliliklar bugun, fojeaga yetti yil to’lgan kunda ham mardona hayot kechirmoqdalar.
Hech shubha yo`qki Armaniston-Ozarbayjon ziddiyatiga nuqta qo`yiladi, Ozarbayjonning bosib olingan yerlari ozod etiladi, va bu yerlardan kuch bilan quvg’in qilingan vatandoshlarimiz o`z joylariga, yurtlariga hamda uylariga qaytadilar. Hech shubha yo`qki, Xojali asoratdan ozod etiladi va xojaliliklar o`zlarining qadrdon tuproqlariga qaytib keladilar va yana shu yerlarda yashaydilar.Biroq Xojali jarohati qalbimizda mangu yashaydi. Xojali qirg`inini uyushtirganlar odil sud tomonidan hukm qilinajaklar. Xojali fojeasining aybdori - Ozarbayjonning Sobiq rahbariyati va boshqa mas`ul shaxslar ham xalq oldida o`z jazolarini oladilar. Odil sud ularga hukm chiqaradi.
Xalqimiz tarixi davomida katta urushlarni boshidan kechirdi hamda hududi, g’ururini himoya qila turib, qurbonlar berdi. Lekin har safar, bunday urushlardan, janglardan, qiyinchiliklardan chiqa turub, u yanada matonatli, qat’iyatli bo’lib bordi. Aminmanki, bugun ham xalqimiz, shu jumladan xojaliliklar mustaqil Ozarbayjon davlatida yanada qat’iyat egasi bo’ldilar hamda davlatimiz mustaqilligini muhofaza qilish va saqlash, barcha bosib olingan yerlarimizni ozod qilish uchun oxirigacha kurashish niyatidadirlar.
Bugun, Xojali fojeasiga yetti yil to`lgan kunda Xojalida qahramonlarcha shahid bo`lgan o`g`lonlarimizning ruhlari qarshisida bosh egaman. Ularning xotirasini bir daqiqalik sukut bilan yod etishni so`rayman.
Alloh barcha shahidlarni rahmat qilsin!
Endi esa, Xojali tuprog`ini mudofaa etishda qahramonlik ko`rsatganlarga, shuningdek shahid bo`lgan vatandoshlarimizning oila a`zolariga Ozarbayjon davlatining mukofotlarini taqdim etmoqchiman.
Yakuniy nutq
Aziz opa-singillar, birodarlar, do`stlar!
Bugun Vatanimizda, mamlakatimizda - motam kuni. Xalqimiz, Ozarbayjon fuqarolari Xojali qirg`inining yetti yilligini nishonlar ekanlar, chuqur qayg’u bilan Xojali fojeasini, u yerda amalga oshirilgan qirg`inni yod etmoqdalar. Bugun barchamiz Xojalida qirg`in natijasida halok bo`lganlarga, jarohat olganlarga, nogiron bo`lganlarga, asir tushib hali-hanuz xabarsiz ketganlarga chuqur ehtiromimizni bildiramiz va barcha xojaliliklarga ular bilan birga ekanligimizni izhor etamiz.
Xojali fojeasi nafaqat xojaliliklarning, balki butun Ozarbayjon xalqining dardi, qayg’usidir. Shu sababdan bugun butun mamlakatimizda - qayg`u kuni, motam kuni. Men barcha halok bo`lganlarga yana bir bor Allohdan rahmat tilab, xojaliliklarga, butun Ozarbayjon xalqiga hamdardlik bildiraman. Chunki, halok bo`lgan har bir vatandoshimiz o`z oilasininggina emas, balki Ozarbayjonning ham farzandidir va bu motam Ozarbayjon xalqining motamidir.
Ayni paytda, bugungi sizlar bilan uchrashuv meni chuqur hayajonga soldi. Siz bu yerda, men 1993 yilda Prezident etib saylanganimdan keyin Ozarbayjon xalqi boshiga tushgan kulfatlarni teran tahlil eta boshlaganimni va kerakli chora-tadbirlarni ko`rganimni qayd qildingiz. Jumladan, Xojali qirg`iniga 1994 yilning fevral oyida baho berilgani va bugungi kun motam kuni, deb e`lon qilingani aytib o’tildi.
Biroq, har safar xojaliliklar bilan uchrashar ekanman, shuncha g’amni ko’targan, o’ta qo’rqinchli, fojeali kunlarni boshidan kechirgan, ko’z o’ngilarida yaqin kishilarini yo’qotgan insonlarning mag’rurligi va matonatini ko’rib meni g`urur hissi ham qamrab oladi. Ulardan har biri Vatan tashvishi, zaminga muhabbat bilan yashaydi. Bu xalqimizning naqadar yuksak ma`naviyat sohib ekanidan guvohlik beradi. Aytmoqchi, xojaliliklarning yuksak ma`naviy fazilatlari butun Ozarbayjon xalqining yuksak ma`naviy fazilatlarini aks ettiradi. Biroq, xojaliliklar hamma uchun o`rnak - qahramonlik, mardlik, matonatlilik, hamda vatanparvarlik namunasidirlar.
Bu yerda ko’p yaxshi so`zlar aytildi, buning uchun sizlardan minnaddorman. Har biringizning so`zlaringizda juda chuqur ma`no bor. U shundan iboratki, farzandlaringiz, oila boshliqlaringiz, akalaringiz, yaqinlaringizni yo`qotgan bo`lsangizda, bugun sizlar yaxshilikka ishonch bilan yashamoqdasiz, kelajakka umid bilan boqmoqdasiz. Men sizning kayfiyatingizga to’la sherikman. Ha, biz Armaniston Ozarbayjonga qarshi hujum boshlagan 1988 yildan buyon og`ir kunlarni, yillarni boshimizdan o’tkazdik, katta yo`qotishlar bo`ldi. Bir necha yildirki, yerlarimiz Armaniston qurolli kuchlari tomonidan bosib olingan. Bu bizning dardimiz, xalqimizning dardidir.
Ammo, ayni paytda, biz 1994 yilda o`t ochishni va qon to’kilishini to`xtatdik, yerlarimizni tinch yo`l bilan ozod etishni istaymiz, muzokaralar yordamida mamlakatimizning hududiy yaxlitligini tiklamoqchimiz.
To`g`ri,b bu qiyin masala, chunki dushman yeringizni bosib olgach, uni u joydan quvib chiqarish qiyin kechadi. Biroq biz ayni shu yo`ldan borganmiz va unda davom etamiz. Biz amalga oshirayotgan tinchliksevar siyosat, ko’rilayotgan tadbirlar o’z natijalarini beradilar, deb ishonaman.
Ayni paytda, sizning bu yerdagi chiqishlaringizni ham adolatdan, deb hisoblayman, bu biz uchun katta ma’naviy yordamdir. Ha, agar bizning barcha tinchliksevar qadamlarimiz, tashabbuslarimiz, ko’rayotgan tadbirlarimiz pirovardida bosib olingan hududlarimizni ozod etilishini ta`minlamasalar, biz ularni har qancha qurbonlar berish evaziga, nima qilib bo’lsa ham ozod etamiz, sizlar joylaringizga qaytasizlar, Ozarbayjonning hududiy yaxlitligi tiklanadi. Bu bizning ajdodlar, hozirgi va kelajak avlod oldidagi muqaddas burchimizdir.
Ozarbayjon Prezidenti sifatida men o`z mas`uliyatimni doimo his etaman. Shuni baralla aytamanki, Ozarbayjon Prezidenti darajasidagi faoliyatimning asosiy qismi Ozarbayjonning hududiy yaxlitligini ta`minlashga, bosib olingan yerlarimizni ozod qilishga qaratilgan.
O`tgan yillar mobaynida men mazkur masala bilan kecha-kunduz mashg`ul bo`ldim. Bugun ham mashg`ulman va bundan keyin ham mashg`ul bo`laman. Ishonchingiz komil bo`lsinki, men hamisha siz bilan birgaman, shahidlar oilalari bilan birgaman, quvg’inlarga aylangan vatandoshlar bilan birgaman. Sizlar men uchun Ozarbayjonning eng aziz, eng sevimli fuqarolarisizlar va men doimo sizlar bilan birga bo`laman. Ishonamanki, bosib olingan yerlarimizni birgalikda ozod etamiz. Xojali ozod etiladi, Xojali tuprog`i yana uning aholisiga qaytariladi, va siz uning sohiblari bo`lasiz.
Men sizlarga sihat-salomatlik tilayman. Bugun shahidlarga yana bir bor Allohdan rahmat tilayman. Har biringizga sabr, matonat, barcha ishlaringizda muvaffaqiyatlar tilayman. Rahmat.
O’zbek tiliga "Boku ishchisi" gazetasining 1999 yil 2 март soni asosida tarjima qilindi.
